Search for a command to run...
Ushbu maqolada Kauldi koni oltin ma’danlarini moddiy tarkibini kimyoviy, ratsional tahlil qilish va dastlabki texnologik namunalarni sianlashga oid o‘tkazilgan tajriba ishlari natijalari keltirilgan. Ma’dan o‘rtacha namunasining kimyoviy tahlil natijalariga ko‘ra oltinning o‘rtacha miqdori 3,08 sh/b, kumushning miqdori esa 2,44 sh/b ni tashkil etdi. Ma’dan namunasidagi sianidlash mumkin bo‘lgan erkin oltin 90%, kumush esa 91,36% ni tashkil etadi; Sb va As minerallari va birikmalari bilan bog‘langan oltin 2,9% va kumush 1,23%; temir va marganets karbonatlari va gidroksidlari bilan bog‘langan oltin 0,32%, kumush 0,82%; sulfidlar (pirit, arsenopirit) bilan bog‘langan oltin 6,45%, kumush 2,47%; kvarts, alyumosilikatlar va boshqa kislotada erimaydigan minerallar tarkibidagi oltin 0,32%, kumush 4,16% ni tashkil qiladi. Dastlabki ma’dan va boyitish mahsulotlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri sianidlash bo‘yicha sinovlar o‘tkazildi. Oltinni erituvchi birikma sifatida natriy sianidi va uning o‘rnini bosuvchi Jinchan (Xitoy) reagentidan foydalanildi. O‘tkazilgan tajribalar natijasida oltinni eritmaga o‘tkazish bo‘yicha optimal rejim aniqlandi. Ma’danni -0,044 mm o‘lchamgacha yanchib, natriy sianidi konsentratsiyasi 0,07% (1,4 kg/t) va jarayon davomiyligi 36 soat bo‘lganda sianidlanganda oltinning eritmaga ajralishi 90% va kumushniki 88,36% ni tashkil qildi. Jinchan reagentini qo‘llab o‘tkazilgan tajribalar ushbu reagentni qo‘llab olingan natijalar sianidni qo‘llab olingan natijalar bilan teng natijalarni olish imkonini berishini ko‘rsatdi. Ma’danni -0,044 mm o‘lchamgacha yanchib, Jinchan reagenti konsentratsiyasi 0,3% (6 kg/t) va jarayon davomiyligi 24 soat bo‘lganda tanlab eritilganda oltinning eritmaga ajralishi 91,55% va kumushniki 91,72% ni tashkil qildi.
Published in: Sanoatda raqamli texnologiyalar.
Volume 4, Issue 1